Yer osti boyliklarini talon-toroj qilgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yildi

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali xodimlarini jalb qilgan holda Kattaqo‘rg‘on tumani Mirzo Ulug‘bek mahallasi hududida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir chog‘ida fuqaro X.S. boshchiligidagi jinoiy guruh qo‘lbola usulda yasalgan 10 dona gorelkalar orqali noqonuniy ravishda gaz tarmog‘idan foydalanib, ohak sexini tashkil qilgani aniqlandi.

Shuningdek, viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda bir guruh shaxslar tomonidan tarkibida sof oltin moddasi bo‘lgan rudalar noqonuniy tarzda qayta ishlab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Paxtachi tumanida yashovchi fuqarolar - 1994 yilda tug‘ilgan U.A. va 1994 yilda tug‘ilgan I.B.ning xonadonlarida  tarkibida sof oltin moddasi bo‘lgan taxminan 3 tonna ruda toshlar hamda tosh tegirmoni, drabelka dvigateli, elektron tarozi, quritish moslamasi, “UAZ” avtomashinasi mavjudligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlar rasmiylashtirildi.

Ohak sexi faoliyati va rudalarni noqonuniy tarzda qayta ishlash natijasida 1 milliard 260 million so‘mdan ortiq tabiiy gaz mahsuloti talon-toroj qilinganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilmoqda.


Mart 17, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 510 marta