Yangi Yoʻl harakati qoidalari tasdiqlandi

Hukumat qarori (172-son, 12.04.2022-y.) bilan Yoʻl harakati qoidalari tasdiqlandi

Qarorga koʻra, aholi punktlarida transportlarning tezligini soatiga 70 kilometrdan, maktab va bogʻchalar atrofidagi yoʻllarda 300 metrgacha masofada 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.

Bunda Prezidentning tegishli qarori bilan tashkil etilgan Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi respublika komissiyasi qarori asosida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi yo‘l harakati qatnovi yuqori bo‘lgan va aholi gavjum hududlarda transport harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilanishi mumkin.

Yengil avtomobillarda yuk tashishga ularning tom qismiga oʻrnatilgan yukxonadagi yukning balandligi 1 metrdan (maxsus moslamalar bilan mustahkamlangan holda velosipedlarni tashish bundan mustasno) va uzunligi avtomobilning gabaritidan 0,5 metrdan oshmagan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.

Yuk avtomobillari, Yoʻl harakati qoidalarida belgilangan ayrim istisnolardan tashqari barcha holatlarda, yoʻlning faqat oʻng qatnov qismidan harakatlanishi shart.

Transport vositalarining qayrilib olish joylarida va unga 30 metr yetmasdan yoki oʻtib toʻxtash taqiqlanadi.

Sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda velosiped yoʻlkasi boʻlmagan holda yoʻlning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar nur qaytargichli kamzulda yoki nur kaytaruvchi elementlar boʻlgan ustki kiyimda boʻlishi shart.

Bunda ushbu nur qaytaruvchi elementlar boshqa haydovchilarga ko‘rinadigan bo‘lishi kerak.

Shuningdek, aholi hamda haydovchilar oʻrtasida 7 yoshgacha bolalarni maxsus bolalar oʻrindigʻida, 7 yoshdan 12 yoshgacha bolalarni maxsus ushlab turuvchi moslamali xavfsizlik kamarini taqqan holda tashish, transportning orqa oʻrindigʻidagi yoʻlovchilar ham xavfsizlik kamarini taqib olishlari boʻyicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

 Yangi tahrirdagi Yoʻl harakati qoidalari 2022-yil 1-maydan amalga kiritiladi.


Aprel 13, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 496 marta