Yakka tartibdagi uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish istagida bo‘lgan fuqarolar diqqatiga!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-sonli Farmoni hamda viloyat hokimining 2021-yil 16-dekabrdagi 177-12-0-Q/21-sonli qaroriga muvofiq 2022-yilda Gurlan tumanda 39 ta yakka tartibdagi uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish) uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun to‘lanadigan subsidiyalar ajratilishi belgilangan. Bugungi kunda 23 ta limitlar mavjud. (10.10.2022)

Eslatib o‘tamiz, foiz uchun subsidiya bu talabgorga mulk huquqi asosida mavjud bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilishda ipoteka krediti foizining bir qismini ya’ni 10 foizdan yuqori qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan to‘lanadigan mablag‘.

Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun tuman davlat xizmatlari markaziga borib murojaat qilishingiz yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida elektron tarzda murojaat qilishingiz mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan talabgorlarga Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya ajratilishi uchun quyidagi asosiy mezonlarga to‘g‘ri kelishi kerak.

Ariza beruvchining o‘z mulkida yakka tartibdagi uy-joyi mavjud bo‘lishi;

Ariza beruvchi yoki uning oilasining oylik o‘rtacha daromadi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravari (2 mln 484 ming so‘m)dan 8,0 baravaricha (7 mln 360 ming so‘m) bo‘lishi zarur.

Qo‘shimcha savollar bo‘lsa tuman uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun subsidiya to‘lanadigan talabgorlarni tanlash bo‘yicha komissiyasiga murojaat qilishingiz mumkin.

Telefon: 62-36-51-223

Gurlan tumani hokimligi Axborot xizmati

 


Oktabr 10, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 388 marta