Xalq ta’limi vazirligi ishchi guruhi Gurlan tumanida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 3-fevraldagi “Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  F- 22-sonli farmoyishining ijrosini ta’minlash maqsadida Gurlan tumanining eng olis  hududlaridan biri bo’lgan "O’yilma" mahallasidagi 36-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida barcha ta’lim muassasalari mas’ullari va o‘quvchilari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Xalq ta’limi vazirining nazorat-huquqiy xizmati bosh mutaxassislari E.Xudaybergenov, S.Xudayarov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari B.Tillaev, Gurlan tumani hokimi M.Achilov ishtirok qildilar.

Tadbir davomida tumandagi  umumta’lim maktablariga tuman hokimligi tomonidan 55 mln. so‘m miqdorida sport anjomlari, badiiy kitoblar to‘plami va boshqa sovg‘alar ishchi guruh a’zolari ishtirokida topshirildi.

Bundan tashqari 4 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining moddiy texnik bazasini yanada yaxshilash maqsadida 4 ta kompyuter jamlanmasi berildi.

Shuningdek, tadbir doirasida “Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan II Respublika kitobxonlik haftaligining “Eng yaxshi kitobxon maktab” tanlovining tuman bosqichi g‘oliblari ham tuman hokimligi tomonidan taqdirlandi.

 

Gurlan tuman hokimligi Axborot xizmati


Aprel 23, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 584 marta