Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda kotibiyat xodimlari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi

Joriy yilning 18–24-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining hamda Xorazm viloyati hokimining topshirig‘iga ko‘ra xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari hamda kotibiyat xodimlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida o‘quv-seminarlari tashkil etildi.

Mazkur o‘quv-seminar Xorazm viloyati Urganch davlat universitetida tashkil etilgan bo‘lib, unga Xorazm viloyati hokimligi Moliya bosh boshqarmasi vakili D.Qurbonboev, tuman, shahar hokimligi moliya bo‘limlarining malakali mutaxassislari keng jalb qilindi.

Tashkil etilgan o‘quv-seminar davomida mahalliy byudjetni shakllantirish hamda uning ijrosi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlari, mahalliy byudjet mablag‘lari sarflanishida jamoatchilik ishtirokini ta’minlash masalalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, seminarda ishtirok etgan tinglovchilarga Byudjet Kodeksi, “2022-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi” Qonun, “Ochiq budjet” axborot portali hamda “Tashabbusli budjet” jarayonining mazmun-mohiyati va amalga oshirish mexanizmlari to‘g‘risida batafsil tushuncha va ma’lumotlar berildi. Ushbu o‘quv-seminar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda kotibiyat xodimlarining jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning bajarilishi yuzasidan deputatlik nazoratini ta’minlash hamda tashabbusli byudjetlashtirish jarayoni natijalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish va amalga oshirilishini baholab borish kabi vazifalarni samarali ijro etishlarida xizmat qiladi.  

 

Xorazm viloyati hokimligi Moliya bosh boshqarmasi Axborot xizmati

 


May 26, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 472 marta