Tezyurar poyezd Nukusgacha boradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasi bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda transport tarmoqlari izchil rivojlantirib kelinmoqda. Xususan, 2018-yilda Buxoro – Miskin temir yo‘li qurilib, Xivagacha masofa 242 kilometrga qisqargan edi. Shu bilan birga, elektr poyezdining unumdorligi 4,5 barobar yuqoriligini inobatga olib,  mavjud temir yo‘llar elektrlashtirilmoqda. So‘nggi yillarda Qarshi – Kitob, Pop – Namangan – Andijon hamda Qarshi – Termiz yo‘nalishlari elektrlashtirildi.

Davlatimiz rahbari xorazmliklar bilan uchrashganida 2024-yilda Xivaga tezyurar elektr poyezdi yo‘lga qo‘yilishini aytgan edi va bu reja O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga kiritildi. Shu tariqa, Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish boshlandi.

Taqdimotda bu ishlarning borishi va kutilayotgan natijalar haqida axborot berildi.

Mazkur loyihaning qiymati 445 million dollar. Shundan 270 million dollari Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan jalb etiladi. Loyiha doirasida Buxorodan Xivagacha bo‘lgan 465 kilometr temir yo‘l tarmog‘i elektrlashtiriladi, bekat, nimstansiyalar va boshqa inshootlar quriladi.

Yo‘lning samaradorligi, shunga yarasha, ancha oshadi. Masalan, poyezdlarning yuqori tezligi soatiga 250 kilometrgacha bo‘ladi. Natijada yo‘lovchilarning Toshkentdan Urganchgacha yetib borish vaqti 14 soatdan 6 soatga, Buxorodan Xivagacha 8 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Bu xalqimizga katta qulaylik yaratib, turizm rivojida ham muhim omil bo‘ladi.

Tezlik evaziga temir yo‘lning o‘tkazuvchanligi ham oshadi. Yuk tashish imkoniyati yiliga 11 million tonnagacha, yo‘lovchilar soni 2 million 300 ming nafarga yetadi. Poyezdlar elektr energiyasida yurishi hisobiga yiliga 18 ming tonna dizel yoqilg‘isi tejaladi.

Davlatimiz rahbari loyihaning sifatli bo‘lishiga alohida ahamiyat qaratdi.

– Avvalgi loyihalarda mutaxassislarimiz ancha tajriba orttirdi, chet ellik konsultantlar ham jalb etildi. Endi asosiysi – ishni sifatli bajarish. Bu yo‘lni qancha yaxshi qilsak, xalqimizga sharoit, turistlar uchun qulaylik, iqtisodiyotimizga manfaat bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buxoro va Xorazm viloyati hokimlariga tezyurar poyezd o‘tadigan tuman va shaharlarda yo‘l bo‘yi xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

– Temir yo‘l borgan joyga madaniyat boradi, hayot jonlanadi. Shunday ekan, bekatlar atrofida, huddi avtomobil yo‘llarida bo‘lganidek, savdo va xizmat shoxobchalarini ko‘paytirish kerak. Yana bir vazifa – temir yo‘l bo‘ylab cho‘l iqlimiga mos daraxt va butalar ekish zarur. Bu ham hudud ekologiyasiga ta’sir qiladi, ham yo‘l bo‘ylariga ko‘rk bag‘ishlaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz mutasaddilarga hozirgi loyihaga hamohang tarzda, Nukus shahrigacha bo‘lgan temir yo‘lni ham elektrlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Buning natijasida Toshkent bilan Nukus o‘rtasidagi qatnov vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.

Tadbirda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, davlat tashkilotlari binolarida quyosh panellari o‘rnatish, aholini bu borada rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

 

Manba: president.uz


Noyabr 29, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 388 marta