Spiker o’rinbosari Aktam Xaitov Gurlan tumanida tadbirkorlar faoliyati bilan tanishdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Xaitov Xorazmda bo‘lib, Gurlan tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan yaqindan muloqot qilib, ish faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif davomida mehmonlar tumandagi “Gurlan Global Teks” MChJda ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Bugungi kunda korxonada  1200 nafardan ortiq gurlanlik xotin-qizlar va yoshlarning bandligi ta’minlangan. Korxona asosan qo‘shni davlatlarga eksport qilish bilan birga ichki bozorga 10 xildan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqarib yetkazib bermoqda. Turkiya davlatidan kelgan mutaxassislar tikuvchilik sexida ishchilarga sifatli mahsulot tayyorlash sir asrorlarini o‘rgatishmoqda. O‘zining maxsus brendini yarata olgan va dunyo bozoriga mazkur brendda kirib borayotgan korxonaning kelajakdagi rejalari katta. Davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanayotgan korxona vakillari Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu esa gurlanliklar tayyorlagan mahsulotlar amerika bozoriga ham kirib borayotganidan dalolat beradi. “NG”, ya’ni “NaGap” brendi ostidagi ushbu trikotaj mahsulotlariga talab kuchayib bormoqda.

Spiker o‘rinbosari muloqotlar davomida mamlakatimizda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan amaliy choralar ko‘rish, ishbilarmonlar va tadbirkorlarning muammolarini hal etishda ko‘maklashish, yurtimizda biznes muhitini yanada rivojlantirish borasida qonunchilikni takomillashtirish maqsadida O‘zLiDePning Tadbirkorlarning murojaatlari hamda takliflarini qabul qilayotgani va mazkur murojaatlari O‘zLiDeP tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda hal etish yuzasidan zaruriy choralar ko‘rilishini ta’kidlab, ushbu korxonaning faoliyatini yanada kengaytirishda va eksport qilishdagi muammolarini bartaraf etishga ko‘maklashishga partiya hamisha tayyor ekanligini bildirdi.

Gurlan tumanidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tanishuv davomida Spiker o‘rinbosari Olg’a mahallasidagi “Gurlan Eksport” MCHJ faoliyati bilan tanishdi.

Asosan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va baqlajonni xorijiy davlatlariga eksport qilishga ixtisoslashgan issiqxonada endilikda ko‘chatchilik ham yo‘lga qo‘yildi. Sal kam 1 gektarga yaqin maydonda pomidorning serhosil navlari ko‘chatlari yetishtirilib, tadbirkorlarga va aholiga yetkazib berilmoqda.  Shijoatli tadbirkor ayol Manzura Masharipova rahbarlik qilayotgan issiqxonada bo‘lgan tadbir ishtirokchilari issiqxonachilikni rivojlantirish, ichki va tashqi bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor xususida o‘zaro fikr almashdilar hamda tadbirkorning muammolarini o‘rgandilar.

Ma’lumot o‘rnida o‘tgan yili mazkur issiqxonalarda yetishtirilgan 1 mln 453 ming dollarlik mahsulotlarni Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilib, tuman iqtisodiyotiga valyuta kiritgan tadbirkorning rejalari katta. Kelgusida pomidordan yiliga 2 marta hosil olishni, gulchilik yo‘nalishida issiqxona tashkil etishni va tropik mevalarni yetishtirishni hamda tamat ishlab chiqarishni  reja qilgan. Hozirgi kunda bu yerda 250 ta doimiy, 120 ta mavsumiy ishchilar ish bilan ta’minlangan.

Muloqotlar davomida yurtimizda aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bu borada asosan xotin-qizlar va yoshlarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilayotgani, ushbu ijobiy ishlar natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilib, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi fuqarolarning kengroq qamrab olinayotgani e’tirof etildi.

 

Gurlan tuman hokimligi Axborot xizmati


Avgust 03, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 495 marta