Rasmiy munosabat

Joriy yilning 16-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Gurlan tumani, Xizireli qishlog‘I, "Ziyokor" mahallasi aholisi tomorqa yerlari va shu hududdagi "Matkarim maxsim" fermer xo‘jaligi ekin maydonlarini sug‘orish uchun suv yo‘qligi haqidagi videomurojaat tarqaldi.

Ushbu holat bo‘yicha tuman irrigatsiya bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotlarga asosan quyidagilarni ma’lum qilamiz. 

Gurlan tumanida iyun oyining ikkinchi o‘n kunligidan buyon suv tanqisligi kuzatilayotganligi sababli suvni iste’molchilarga teng miqdorda yetkazib berish maqsadida tumandagi A.Navoiy, Zarbdor va Namuna hududlarini suv bilan ta’minlaydigan "Xizir eli" hamda “Nukus” kanallariga suvni navbat bilan grafik asosida taqsimlash tartibi joriy qilingan. Iyul oyining 12-15-kunlari "Xizir eli" kanaliga iyul oyining 12-kuni 1,95 m3/sek, 13-kuni 2,2 m3/sek, 14-kuni 2,8 m3/sek, 15-kuni 2,1 m3/sek miqdoridagi suv yetkazib berilib, "Ziyokor" mahallasi aholisining tomorqa yerlari suv bilan ta’minlangan.

Shuningdek, "Matkarim maxsim" fermer xo‘jaligining jami 67 gektar maydoniga paxta ekilgan bo‘lib, "Xizir eli" kanaliga suv berilgan kunlari paxta maydonlarida birinchi sug‘orish ishlari amalga oshirildi.

Ma'lumot uchun:  Xorazm viloyati hokimining 2022-yil 25-iyundagi “Xorazm viloyatida suv va suvdan foydalanish, suv tanqisligining salbiy omillarini yumshatish choralari to‘g‘risida”gi 376-son yig‘ilish bayoniga asosan Gurlan tumanida kanallardan sug‘orish ishlari uchun olinadigan suv miqdorining grafigi ishlab chiqilgan. Mazkur grafikka asosan har bir kanalga belgilangan limit doirasida suv yetkazib berilayotgani va shu sababdan ayrim kanallarga suv yetkazib berishda ma’lum muddat uzilish bo‘lib turganligi, bu yilgi sug‘orish mavsumida Amudaryo suv havzasida suv zaxirasining me’yorga nisbatan kam bo‘lganligi sababli tumandagi mavjud kanallarga belgilangan grafik hamda limit asosida suv yetkazib berilishini ma’lum qilamiz.

 

Gurlan tumani hokimligi Axborot xizmati


Iyul 18, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 508 marta