Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlar orqali mahalla fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan bir guruh xodimlar tomonidan mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimiga ko’rsatilayotgan nomzodlar tanlovidan norozi ekanliklari haqidagi videomurojaat tarqaldi.

Ushbu holat bo‘yicha quyidagilarni bildiramiz:
 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-146-son qaroriga muvofiq mahallalardagi xotin-qizlar faollari lavozimlariga nomzodlarni tanlab olish bo’yicha tuman hokimi o‘rinbosarlari hamda oila va xotin-qizlar bo‘limi boshchiligida tanlov komissiyasi shakllantirilgan. Tanlov komissiyasi tomonidan ochiq tanlov asosida oila va xotin-qizlar bilan ishlash tajribasiga ega, shaxsiy fazilatlari bilan namuna ko‘rsata oladigan nomzodlar bilan suhbatlar o’tkazildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-146-son qaroriga asosan shu vaqtgacha mahalla fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi “Mehnat kodeksi”ning 100-moddasi ikkinchi qismi 1-bandi, 102-moddasi birinchi qismi 1-bandi talablari asosida 2 (ikki) oydan so‘ng bekor qilinishi haqida 2022-yil 3-martda ogohlantirish xati berilgan. Bunga qo’shimcha qilib shuni ma’lum qilamizki, xodimlarning barchasini ishga joylashtirish choralari ko'riladi.

Gurlan tuman hokimligi Axborot xizmati


Aprel 25, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 522 marta