Ochiqlik indeksini aniqlashning huquqiy asosi yaratiladi

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik indeksini aniqlashga qaratilgan hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Qaror loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.

Hujjat loyihasi bilan Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi konsepsiyasi hamda Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash bo‘yicha metodikasi tasdiqlanmoqda.

Unda davlat organlari va tashkilotlari ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida o‘z faoliyatida joriy etishlari lozim bo‘lgan prinsiplar, shuningdek, har yil yakunlari bo‘yicha aniqlanadigan Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksining aniqlash tartiblari belgilanmoqda.

Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida davlat organlari va tashkilotlarini ochiqlik hamda shaffoflik borasida amalga oshirgan ishlarining monitoring va baholash natijalarini ko‘rib chiqish va yakuniy reytingni shakllantirish uchun baholash komissiyasi tuziladi.

Komissiyani Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat statistika qo‘mitasi mas’ul xodimlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda tuzish taklif etilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlari umumiy 42 mezonni o‘z ichiga olgan 7 ta indikator asosida baholab boriladi.

Axborot xizmati rahbarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlari asosida davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan sub’ektlar faoliyati; rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida ma’lumotlarni joylashtirib borish majburiyatlariga rioya qilinishi; ochiq ma’lumotlar portalidagi ishtirok; axborot tarqatish elektron usullarining samaradorligi; jamoat kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish; korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish sohasida amalga oshirilgan ishlar samaradorligi; jamoatchilik kengashi faoliyati samaradorligi aniqlanadi.

Loyiha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari samarali faoliyat yuritishlari uchun shart-sharoit yaratish, byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish va korrupsiya illatlariga barham berishga qaratilgan.

Jamoatchilik muhokamasi 2022-yil 11-yanvarga qadar davom etadi.

Manba: uza.uz


Dekabr 31, 2021
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 521 marta