O‘zbekiston standartlar instituti xalqaro talablarga javob berishi tasdiqlandi

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston standartlar instituti faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi va «komplayens nazorat» tizimini joriy qilish yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Matbuot anjumanida institutda joriy qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining ISO 37001:2016 standart talablariga muvofiqligini baholash maqsadida ekspertlar tomonidan 2021 yilning dekabr oyida birinchi audit o‘tkazilgani qayd etildi.

Audit natijalari bo‘yicha tegishli auditor tomonidan bir qator tavsiyalar berildi va ushbu tavsiyalarni bartaraf qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Amalga oshirilgan ishlarga haqqoniy bahoni xorijiy layoqatli ekspertlar bera oladi. Shunga ko‘ra, CERT Internatonal (Slovakiya) tashkiloti tomonidan 2022 yilning mart oyida institutda ISO 37001:2016 standarti asosida joriy etilgan tizimni xalqaro normalarga muvofiqligini baholash maqsadida audit o‘tkazildi.

Mazkur audit natijalariga ko‘ra, institutning standartlashtirish va xodimlarni malakasini oshirish bo‘yicha faoliyati ilg‘or xalqaro tajribaga mos kelishi tasdiqlandi va ISO 37001:2016 standarti talablariga javob beradi, degan xulosa bilan e’tirof etildi hamda tegishli sertifikat rasmiylashtirildi.

– Slovakiya davlatining “CERT international” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan O‘zbekiston standartlar instituti xalqaro standart ISO 37001:2016 «Korrupsiyaga qarshi kurashish (pora olish va berish bilan kurashish) menejmenti tizimi»ni ishlab chiqish, joriy etish va sertifikatlashtirishdan o‘tkazish bo‘yicha audit jarayonlari o‘tkazildi, – deydi O‘zbekiston standartlar instituti direktori Azizbek Hamdamov. – Unda xalqaro sertifikat taqdim etildi. Shuningdek, ABMS 0582/A raqami bilan Davlat ro‘yxatiga kiritildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston standartlar instituti korrupsiya illatidan xoli hamda ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatda ekanligi ma’lum qilindi. Xalqaro tashkilotlarning bu e’tirofidan ham bilish mumkin institutida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarning oldini olish va faoliyat shaffofligini ta’minlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Yana bir ma’lumot, O‘zbekiston standartlar instituti veb-sayti ishga tushirilgan bo‘lib, standartlarni sotish sohasida inson omilini qisqartirib, ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlar uzsti.uz sayti orqali mahsulotlarga standart olishda  ushbu sayt orqali ariza yo‘llashi, hujjat topshirishi va standartlar oshishi yo‘lga qo‘yilgan.

 Shuningdek, faoliyat shaffofligini ta’minlash maqsadida «Vody camera«lar bilan ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgani qayd etildi.

 

Manba: Uza.uz


Aprel 20, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 466 marta