O‘zbekiston madaniyat va san’at sohasi xodimlariga

Qadrli yurtdoshlar!

Madaniyat va san’at sohasining zahmatkash va fidoyi vakillari!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni mamlakatimizda ilk bor nishonlanayotgan qutlug‘ ayyom – Madaniyat va san’at xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Hammamizga ayonki, inson qalbiga olijanob fazilatlar, ezgu his-tuyg‘ularni singdirib, jamiyatni birlashtirish va taraqqiy ettirish, xalqni, Vatanni dunyoga tarannum etishda madaniyat va san’atning o‘rni va ta’siri beqiyosdir.

Yurtimiz tarixiga nazar solsak, Birinchi va Ikkinchi Renessans kabi noyob hodisalar avvalo qadimiy va boy madaniyatimizdan oziqlanib, o‘lmas qadriyat va an’analarimiz asosida vujudga kelganini ko‘ramiz.

bugungi kunda Yangi O‘zbekiston qiyofasini shakllantirish, o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsad – Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda siz, hurmatli ijodkor ziyolilarimiz hal qiluvchi kuch sifatida maydonga chiqayotganingizni el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.

Bu haqda so‘z yuritganda, so‘nggi yillarda soha rivojiga qaratilgan bir qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilinib, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidlash lozim.

Ayniqsa, Milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi hamda “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq bu boradagi islohotlarning yangi strategiyasi qabul qilinib, hayotga izchil joriy etilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqirozga qaramasdan, madaniyat va san’at sohasining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash uchun davlatimiz tomonidan zarur mablag‘ va resurslar ajratilib, qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.

Avvalo, Madaniyat vazirligi zamon talablari asosida qayta tashkil etilib, uning markaziy va hududiy tuzilmalari, turli ijodiy tashkilot va uyushmalar faoliyati takomillashtirildi. Milliy san’atimizning noyob turlari tiklanib, o‘nlab yangi madaniyat va san’at muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 15 ga yaqin teatr, muzey va qo‘riqxonalar tashkil etildi. Jumladan, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, Milliy maqom san’ati va Baxshichilik san’ati markazlari, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari, Teatr va kino arboblari uyushmalari, “Bahor” davlat raqs ansambli samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘tgan qisqa davrda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali, Respublika musiqa va san’at kolleji hamda Nukus opera va baxshichilik maktabi tashkil etildi.

Yurtimizda maqom va baxshichilik san’atlari hamda hunarmandchilik bo‘yicha xalqaro festivallar muntazam o‘tkazib kelinayotgani milliy madaniyatimizni jahon miqyosida keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. Natijada xalqimizning qadimiy va betakror san’ati dunyo hamjamiyatining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. “Xorazm lazgisi” va baxshichilik san’ati YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani buning yaqqol dalilidir.

Soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini har tomonlama rag‘batlantirish, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida ham katta ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda 15 aprel sanasi Madaniyat va san’at xodimlari kuni etib belgilangani bu yo‘ldagi yangi qadam bo‘ldi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan yuksak maqsad va marralarimiz barcha sohalar qatori madaniyat va san’at jabhasida ham oldimizga dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.

Avvalo, milliy madaniyatimiz va san’atimizda xalqchillik tamoyillarini yanada oshirish, uni tom ma’noda el-yurtimizning qalbi va yuragini ifoda etadigan, eng yuksak xalqaro mezon va talablarga javob beradigan sohaga aylantirish – eng muhim vazifadir.

Aholi, avvalo, unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimizni turli buzg‘unchi g‘oyalar, ma’naviy tahdidlardan himoya qilish, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda biz sizlar kabi minglab fidoyi madaniyat va san’at namoyandalariga tayanamiz.

Bu borada ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy “ibratxona” deb ta’riflagan teatrlarimizning o‘rni va ta’siri katta ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz.

O‘tgan yil dekabr oyida mamlakatimizda opera va balet san’atini yanada rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilinib, bu borada zarur chora-tadbirlar belgilanganidan sizlar albatta xabardorsiz.

Bundan tashqari, madaniyat va san’at oliygohlari talabalarini, nodavlat teatr-studiyalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intilishlarini rag‘batlantirish maqsadida joriy yildan boshlab eng yaxshi loyihalar uchun davlat grantlari ajratiladi.

Tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olayotgan bitiruvchilar, shuningdek, erkin ijod bilan band bo‘lgan rassomlar faoliyatiga yordam berish, jumladan, ijodiy ustaxonalar bilan ta’minlash, “ustoz-shogird” an’analarini kuchaytirish masalasida ham qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Milliy kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish maqsadida yaqinda tubdan ta’mirlangan “O‘zbekfilm” kinokonsernini zamonaviy uskuna va qurilmalar bilan jihozlash va uni yirik ijodiy muassasaga aylantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni oxiriga yetkazamiz. Kino san’atining turizm salohiyatini yuksaltirishdagi ahamiyatini inobatga olib, nufuzli xorijiy kinokompaniyalar bilan hamkorlikda filmlar ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, madaniyat va san’at tashkilotlari, xususan, hududlardagi madaniyat maskanlarida mehnat qilayotgan ko‘p millatli ijodiy va texnik jamoalarni qo‘llab-quvvatlash, yuksak badiiy asarlar yaratishga rag‘batlantirish, ularning el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilishlari uchun zarur sharoit yaratib berish ishlari yangi bosqichga ko‘tariladi.

Aziz san’atkorlar, muhtaram soha faxriylari!

Sizlarni qutlug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, ijodiy va ijtimoiy faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga tinchlik, baxtu saodat va farovonlik tilayman.

Hamisha xalqimiz ardog‘ida bo‘lib yuring!

 

Shavkat MIRZIYOEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


Aprel 15, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 486 marta