O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va xalqimizga murojaatnomasiga munosabat

2022-yil 20-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga va xalqimizga murojaatnomasi bo‘lib o‘tdi va bu ijtimoiy tarmoqlar va jonli efirda bir qancha telekanallar orqali  namoyish etildi. Bu albatta xalqimizda katta qiziqish uyg‘otdi.

Murojaatnomada yurtboshimiz har bir sohaga to‘xtalib qilinishi zarur bo‘lgan vazifalarni ko‘rsatib, kelajak uchun qator tashabbuslar bilan chiqdi.

Murojaatnomada “O‘zbekiston deb atalmish katta va inoq oilaning har bir a’zosi tinch va farovon hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish yo‘lida tinimsiz izlanyapmiz.

Yakuniga yetayotgan 2022-yil g‘oyat murakkab va sinovli yil bo‘ldi, desam, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi” – deya xalqimizga ayni haqiqatni ko‘rsatib berdi.

Prezident: “O‘zbek va qoraqalpoq xalqini hech qanday kuch ajrata olmaydi. Asrlar davomida et va tirnoq kabi bir bo‘lib ketgan xalqlarimiz do‘stligiga hech qanday kuch ta’sir ko‘rsata olmaydi. Chunki bizning o‘tmishimiz bir, bugunimiz ham, kelajagimiz ham bir” deya qoraqalpoq xalqini e’tirof qildi. Haqiqatan ham qoraqalpoq xalqi o‘zbek xalqi bilan qavm-qarindosh bo‘lib ketganligi buning isbotidir.

Shuningdek, mustaqil davlatimizning iqtisodiy va siyosiy inqirozlarga qaramasdan dunyoda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lib, erishgan yutuqlar keltirib o‘tdi. Bunga albatta nuroniy otaxon va onaxonlarimizning shukronalik duolari bizga kuch va g‘ayrat bag‘ishlayotgani alohida ta’kidlandi.

Mazkur murojaatnomada prezidentimiz tomonidan  an’anaga ko‘ra o‘tgan  yil yakunlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi va kelgusi 2023-yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili  deb e’lon qilindi. Bu yurtdoshlarimiz tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

“Nima uchun yilga bunday nom berayapmiz?

Biz O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgiladik. Aslida ham, bizning eng bebaho boyligimiz, bu- bunyodkor xalqimiz, duogo‘y ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz emas-mi?

Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz”,-dedi davlatimiz rahbari.

Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurish  maqsadini Konstitutsiya bilan mustahkamlanishi bildirdi.

Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir", - dedi davlat rahbari.

Birinchi navbatda, e’tibor Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi ta’kidlandi.

O‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi qayd etildi.

Kelasi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident ta’kidlaganidek, bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishi zarur. Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, san’at va madaniyatga qiziqtirishimiz lozim. O‘quvchilarda erkin, tanqidiy va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish zarur.

Shu bois, 2023-yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlanadi.

Kelasi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 tasi kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelasi besh yilda ularning soni 1 mingtaga yetkaziladi.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yo‘lga qo‘yilgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish amaliyoti kelasi o‘quv yilidan ushbu qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etilishi ta’kidlandi.

Prezident Murojaatnomaga yakun yasar ekan, unda aytilgan vazifalarni dunyodagi hozirgi murakkab sharoitda amalga oshirish oson bo‘lmasligini qayd etdi. "Lekin biz o‘tgan davrda katta bilim va tajriba to‘pladik. Eng muhimi, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonchimiz tobora ortib bormoqda.

Shu bois, qanchalik qiyin bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Ko‘zlagan marralarimizga albatta yetamiz.

Bu yo‘lda niyati ulug‘, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz. Bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi O‘zbekistonni albatta barchamiz birgalikda bunyod etamiz", - dedi davlatimiz rahbari.

Prezident so‘zining yakunida yig‘ilganlarni, butun xalqimizni kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan chin qalbdan samimiy tabriklab, sihat-salomatlik, fayzu baraka, oilaviy baxt tiladi.

 

Malohat O‘razbayeva Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Gurlan tuman bo‘linmasi rahbari

 


Yanvar 07, 2023
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 465 marta