Narx-navo bozori tartibga solinadi

Bugungi kunda dunyoning ko‘pgina davlatlarida asosiy turdagi iste’mol tovarlar narxlarining o‘sishi kuzatilmoqda. BMTning oziq ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) 2022-yil mart oyidagi hisobotida dunyoda oziq-ovqat narxlari indeksi o‘rtacha 159,3 punktni tashkil etgani, bu esa oxirgi 30 yilning eng yuqori ko‘rsatgichi bo‘lganligi qayd etilgan. Shuningdek, ushbu ko‘rsatgich joriy yil fevral oyiga nisbatan 12,6 foizga, 2021 yil mart oyiga nisbatan esa 33,6 foizga oshganligi ma’lum qilingan.

Ushbu vaziyatda qator mamlakatlar zaruriy tovarlar eksportini cheklash bilan bir qatorda o‘sha turdagi tovarlarni importini rag‘batlantirish bilan ichki bozordagi narhlarning barqarorligini ushlab turish choralarini ko‘rmoqda.

Albatta, bu vaziyat bizning mammlakatimizga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkinligi sababli narh-navoning keskin oshib ketmasligini oldini olish bo‘yicha zudlik bilan chora ko‘rish zaruriyati tug‘ilmoqda.

Shu munosabat bilan respublika aholisining alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini kafolatli ta’minlash, ichki iste’mol bozoridagi ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar narxlari sun’iy va asossiz oshirilishining oldini olish, inflyatsiya darajasi keskin oshib ketishini oldini olish hozirgi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir.

Shunga asosan, “Iste’mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga va monopoliyaga qarshi choralarning ta’sirchanligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra:

  • 22 ta turdagi import qilinadigan iste’mol va oziq-ovqat mahsulotlari (go‘sht mahsulotlari, baliq, sut mahsulotlari, sitrus mevalar, o‘simlik yog‘i, boshqa oziq-ovqat mahsulotlaribojxona bojlaridan ozod etiladi;
  • oziq-ovqatni import qilishda bojlarni oshirilgan stavkada qo‘llash to‘xtatib turiladi;
  • davlat xaridlarida oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish bo‘yicha cheklovlar vaqtincha to‘xtatiladi;
  • respublikaga olib kiriladigan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini davlat tilida majburiy markirovka qilish tartibi vaqtinchalik to‘xtatiladi.

– 2022-yil 1-iyundan boshlab o‘simlik (paxta va kungaboqar) yog‘i, kungaboqar urug‘lari va boshqa yog‘ o‘simliklarining urug‘lari eksporti vaqtinchalik to‘xtatilmoqda.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining bozordagi narx-navoning asossiz oshirish, raqobatni buzish, bozorga kirishga to‘sqinlik qilish holatlari bo‘yicha vakolatlari kuchaytirilmoqda. Xususan:

  1. Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining keskin tebranishi davrida:

raqobatga zid harakatlar natijasida narxlarni sun’iy oshirishga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan choralarni qo‘llash;

narxlarning asossiz o‘sishi holatlarini aniqlash uchun mavjud zaxiralarini xatlovdan o‘tkazish va xatlovda aniqlangan mahsulotlarning ortiqcha hajmini savdoga chiqarish bo‘yicha ogohlantirish va ko‘rsatma berish;

  1. Aniqlangan sifatsiz mahsulotlarni iste’mol muomalasidan chiqarish to‘g‘risida ishlab chiqaruvchi va sotuvchilarga ko‘rsatmalar berish;
  2. Iste’mol tovarlar savdosiga ixtisoslashgan savdo komplekslari, tarmoqlari va bozorlarda:

asosiy oziq ovqat mahsulotlari narxlarini asossiz va sun’iy oshirish, ularga bo‘lgan tanqislikning vujudga keltirishga qaratilgan g‘ayrihuquqiy harakatlarni;

iste’mol tovarlarga narx-navoni shakllantirishning belgilangan mexanizmlariga rioya etilishini;

bozorlar va savdo tarmoqlariga kirish bo‘yicha sun’iy to‘siqlar va cheklovlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish vakolatlari berilmoqda.

Albatta, ushbu vakolatlar avalambor bozorda narxlarning sun’iy oshirilishi va mahsulotlar tanqisligini keltirib chiqarishning oldini olishga qaratilgan.

Bunday chora-tadbirlar narx-navoni barqarorlashtirishga qaratilgan yana bir harakat bo‘lib, respublika aholisining arzon va sifatli asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish asosiy masala hisoblanadi.

Shunday ekan, fuqarolarimiz tomonidan ham zaruriy iste’mol tovarlarini isrof qilmaslik, respublikadagi tadbirkorlik subyektlarining vujudga kelishi mumkin taqchillik vaziyatidan foydalanib qolmasliklari hamda narxlarning asossiz oshirmasliklarini so‘rab qolamiz.


Iyun 01, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 447 marta