Mulk huquqining o‘zi nima va mulk huquqining vujudga kelish asoslari

Keyingi yillarda mamlakatimizda mulk huquqi dahlsizligi, xususiy mulkni himoya qilish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib, xususiy mulkni himoya qilish va uning dahlsizligini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikka ham bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Oddiy qilib aytadigan bo‘lsak bundan maqsad mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida” gi PF-4947-sonli Farmonining uchinchi yo‘nalishi ham bevosita iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish hisoblanib, ushbu yo‘nalishda olib borilishi lozim bo‘lgan islohotlar qatorida xususiy mulk huquqini ishonchli himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish ekanligi nazarda tutilgan. Shu o‘rinda xususiy mulk huquqining o‘zi nima va mulk huquqining vujudga kelish asoslari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, qonunchiligimizda bu haqida bir qator normalar belgilab qo‘yilgan.  

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 207-moddasiga ko‘ra, xususiy mulk huquqi shaxsning qonunchilikka muvofiq tarzda qo‘lga kiritgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidir.

Ushbu kodeksining 164-moddasiga ko‘ra, mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir.

Mehnat faoliyati, mol-mulkdan foydalanish sohasidagi tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati, shu jumladan mol-mulkni yaratish, ko‘paytirish, bitimlar asosida qo‘lga kiritish, davlat mol-mulkini xususiylashtirish, meros qilib olish, egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat hamda qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa asoslar mulk huquqining vujudga keltiruvchi asoslar hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasida mulk xususiy mulk va ommaviy mulk shakllarida bo‘linib, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat mulk huquqining sub’ektlaridir. Bundan tashqari, mol-mulk mulk huquqi asosida bir shaxsga yoki ikki va undan ortiq shaxslarga ham qarashli bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 187-moddasida mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini olishi nazarda tutilgan.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, mulk daxlsizdir va qonun bilan qo‘riqlanadi. Mulkdorning mol-mulkini olib qo‘yishga, shuningdek uning huquqlarini cheklashga faqat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.

 

Xorazm viloyat sudining sudyasi                                        Sh.Djamolov


Sentabr 22, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 690 marta