Jahon chempionlari va murabbiylar taqdirlandi

Jahon sport maydonlarida yurtimiz sportchilarini qo‘lga kiritayotgan yutuqlarida davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoit, moddiy va ma’naviy qo‘llovning ahamiyati beqiyos.

O‘tgan 2021 yil epidemiologik murakkabliklarga qaramasdan O‘zbekiston sportchilari uchun har tomonlama muvaffaqiyatli kechdi. Tokio olimpiadasidagi yutuqlardan tashqari, hamyurtlarimiz jahon va qit’a chempionatlarida, nufuzli turnirlarda Vatanimiz nomini ulug‘ladi.

Yil mobaynida iste’dodli sportchilarimiz olimpiya va noolimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan 38 ta jahon, 24 ta qit’a miqyosidagi chempionat va kubok bahslarida, 46 ta «A» tasnifidagi xalqaro turnirlarda munosib qatnashdi, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.

Ma’lumki, davlatimiz tomonidan qabul qilingan tegishli qarorga asosan olimpiya sport turlari bo‘yicha rasmiy Jahon chempionatlarida yuqori natijalarga erishgan sportchilar har yili belgilangan pul mukofotlari bilan taqdirlanib kelinadi.

Shu munosabat bilan bugun 20 aprel kuni Sportni rivojlantirish vazirligida 2021 yilgi Jahon chempionati g‘olib va sovrindorlari hamda ularning murabbiylari, shuningdek, «London-2012» yozgi Olimpiya o‘yinlarining sovrindorini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi mas’ul xodimi Asilbek Murtazayev, Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrulla Mahmudov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev, sport federasiyalarining vakillari, 2021 yil davomida o‘tkazilgan jahon chempionatlari g‘olib va sovrindori bo‘lgan sportchilar, ularning murabbiylari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga ko‘ra, Jahon chempionati g‘oliblari 12 ming, kumush medal sohiblari 6 ming hamda bronza medal egalari esa 3 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Ularning trenerlariga mos ravishda 6, 3 va 1,5 ming AQSH dollari miqdorida mukofotlar taqdim etildi.

Tadbirda 2021 yil 16-26 sentyabr kunlari boks bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida harbiylar hamda 2021 yil 24 oktyabr-6 noyabrda Belgrad shahrida kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatlari g‘oliblari, shuningdek, dzyudo bo‘yicha 2021 yil 6-13 iyunda Budapesht shahri (Vengriya)da harbiylar va 2021 yil 28 oktyabr-4 noyabrda Parijda kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatlari, og‘ir atletika bo‘yicha 2021 yil 7-18 dekabrda Toshkentda kattalar o‘rtasida Jahon chempionati, karate bo‘yicha 2021 yil 16-21 noyabrda Dubay shahrida kechgan Jahon chempionatida hamda parataekvondo bo‘yicha 2021 yil dekabrda Istanbul shahrida o‘tgan Jahon chempionatida yurt nomini ulug‘laganlar bir martalik pul mukofotlariga sazovor bo‘lishdi.

Yana bir ahamiyatli holat tadbirda 2012 yili London shahrida o‘tkazilgan XXX yozgi Olimpiya o‘yinlarining og‘ir atletika yo‘nalishida hamyurtimiz Ivan Yefremov raqibida doping aniqlanganligi sababli adolatli tarzda bronza medali sovrindori bo‘lganligi uchun 50 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

– Bugungidek e’tibor kelgusidagi yutuqlarga zamin bo‘ladi. Chempionlik martabasiga erishgan sportchilarimizning, mehnat qilgan murabbiylarning mukofotlanishi ular bilan bir zalda shug‘ullanayotgan boshqa sportchi va murabbiylarga ruhiy quvvat bag‘ishlaydi. Bu jamoalarda faollikning oshishiga turki bo‘ladi. Qayerdaki, faollik, jo‘shqinlik bo‘lsa, g‘alaba ham yuz ochaveradi, – deydi boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi katta treneri To‘lqin Qilichev.

Tantanalar davomida sportchilar, murabbiylar, mutaxassislar, xususan, Elshod Rasulov (murabbiy), Ivan Yefremov (sportchi), 3iyoda Isoqova (sportchi) va boshqalar so‘zga chiqib, bunday e’tibor kelgusi g‘alabalarga munosib zamin bo‘lishini ta’kidlashdi.

 

Manba: Uza.uz


Aprel 20, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 448 marta