Ikki oyda fuqarolarga 1 trillion 753 milliard so‘m ipoteka kreditlari ajratildi

Markaziy bank joriy yilning yanvar-fevral oyi davomida tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari haqida ma’lum qildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ipoteka kreditlari qoldig‘i 2017-yilga nisbatan 4,9 barobarga ortib, 37,4 trillion so‘mga yetgan. Joriy yilning 2 oyida 11 ming 898 ta fuqaroga 1 trillion 753 milliard so‘m ipoteka kreditlari ajratilgan. 

32,9 milliard so‘m O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalash kompaniyasi mablag‘lari, 261,5 milliard so‘mi bank o‘z mablag‘lari, 1 trillion 459,2 milliard so‘mi Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, ipoteka kreditlari eng ko‘p ajratilgan kuchli beshtalik – Toshkent shahri, Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo va Namangan viloyatlarini tashkil etmoqda. Ipoteka kredit eng kam ajratilgan beshtalik esa Jizzax, Sirdaryo, Xorazm, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasini tashkil etgan. 

Ajratilgan ipoteka kreditlarining 1 ming 486 tasi (195,5 mlrd. so‘m) yoki 12 foizi ikkilamchi bozorga ajratilgan. Mos ravishda 10 ming 412 tasi (1558,1 mlrd. so‘m) yoki 88 foizi birlamchi bozorga ajratilgan. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha ipoteka bozorida ikkilamchi kreditlar ulushi 22 foizni tashkil etgan edi. 

Avvalroq, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalash kompaniyasi tomonidan ikkilamchi ipotekani moliyalashtirish vaqtincha to‘xtatilganligi haqida xabar berilgan edi. Ushbu davrda yangi tartib doirasida aholiga yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun 493 ta fuqarolarga 45,6 milliard so‘m ipoteka kredit ajratilgan. 

 

Manba: https://uza.uz


Mart 14, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 676 marta