Har qadamdagi dorixonalar, turlicha narxlar va o‘zboshimchalik bilan ichilgan dorilarning oqibati

Ilgari oilada biror kishi kasal bo‘lib qolsa, butun tashvish shifokor yozib bergan dorini izlash bilan o‘tardi. Hatto viloyatda yashovchi qarindoshlar poytaxtga kelib topib ketishardi. Hozir buning aksi. Ko‘chaga chiqib istagan tomoningizga qarasangiz, ko‘zingiz “Dorixona”, “Apteka” kabi yozuvlarga tushadi. To‘g‘ri bugun bemorlarning og‘iri yengil bo‘ldi. Dori-darmon izlab poytaxt tugul qo‘shni tumandagi dorixonaga ham borib o‘tirishmaydi.

bugungi mulohazalarimiz orqali dorixonalardagi narxlar va ayrim dorilarning nojo‘ya ta’sirlari haqida mutaxassis va aholi fikri bilan tanishasiz.

Sofiya AHMEDOVA, sotuvchi:

 O‘n ikki yildan buyon dorixonada sotuvchi bo‘lib ishlayman. Ayrim xaridorlar retseptda yozilgan dorilar topilganiga shukr qilib, indamay olib ketaverishadi. Ammo yozilgan dorilarning narxi, ishlab chiqarilishi, ta’siri qanday bo‘lishini sinchiklab so‘raydigan xaridorlar ham ko‘p. Narxlarni asosan dorixonamiz direktori belgilaydi. Dorilarga baho qo‘yilayotgan paytda eng avvalo aholining joylashuvi, kelib chiqishi e’tiborga olinadi. 

Ilgari talabalar yotoqxonasiga yaqin joydagi dorixonada ishlaganman. U yerdagi narxlar boshqa joylarga qaraganda ancha arzonroq edi. Aholi zich joylashgan, serqatnov yo‘laklar, bozor atrofidagi dorixonalarda ham chetdagilarga qaraganda qimmatroq bo‘ladi. Undan tashqari dori sotib olingan firmadagi narxlarga ham qaraladi.

Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida biz poytaxtimizdagi bir nechta dorixonalarda bo‘lib, u yerdagi xaridorlarni ham suhbatga tortdik. Kuzatuv jarayonida eng ko‘p xaridorlar ayollar ekaniga amin bo‘ldik.

Hamida SALIMOVA, uy bekasi:

– Kenjatoyim tez-tez shamollab turadi. Har gal shifokorga borsam  kamida 3 yoki 4 ta dori yozib beradi.  Dorixonalardagi narxlar qimmatligidan eng zarurini sotib olaman. Yoki 10 dona ichishni buyurgan bo‘lsa, 5 dona  olaman. O‘g‘lim ozgina tuzalishi bilan dori ichirishni to‘xtatib qo‘yaman. Chunki boshqasini sotib olishga imkonim yetmaydi. Bir-ikki oy o‘tgach bolamni  kasalligi qaytalanadi. 

To‘g‘ri, bugun ayrim bemorlarni shifokor tavsiya etgan dori-darmonlarni sotib olishga imkoniyatlari yetmayotgandir. Yoki kimdir bunga befarqlik bilan qarayotgandir. 

Xo‘sh, dori-darmonlarni belgilanganidek iste’mol qilmaslik oqibati nimalarga olib keladi?

Munira HAYITMETOVA, shifokor:

– Bizga murojaat qilgan ota-onalarga, eng avvalo tavsiya qilgan dori-darmonlarni barchasini farzandlariga berishlarini aytib o‘tamiz. Hozirgi yengil shamollash ertaga bronxitga o‘tadi, keyin o‘pkaga, undan so‘ng plevrit (o‘pka qoplariga suv yig‘ilishi), o‘pka shishishi kabi kasalliklarga olib kelishi mumkinligini tushuntiramiz. Afsuski, bizni tushuntirishlarimizga qaramay ayrim onalar kasallikka befarq bo‘lishsa, ayrimlari dori-darmon sotib olishga mablag‘larini ayashadi. 

Mutaxassislarning fikricha, bolalardagi surunkali kasalliklarni ko‘payishiga ko‘pincha onalar sababchi bo‘larkan. E’tibor bergan bo‘lsangiz bugun onalarimiz o‘rtasida bolalariga vitamin ichirish odat tusiga kirib qoldi. Birini tugatmay turib ikkinchisini tirkashadi. Go‘yoki farzandlari vitamin ichgach tez ulg‘ayib, sog‘lom bo‘lib qolayotgandek. Yaqinda bir dugonam o‘g‘lining “ichim dorixona bo‘lib ketdi, vitamin ichishdan bezor bo‘ldim”,  deya noliganini kulib aytib berdi. 

Xo‘sh, vitaminlarni ortiqcha iste’mol qilish qanday oqibatlarga olib keladi?

Nasiba ESHONQULOVA, bolalar shifokori:

– Bizga murojaat qilayotgan onalarning ko‘pchiligi farzandining ishtahasi yo‘qligi, xolsizligidan shikoyat qilib, birorta vitamin yozib berishimizni iltimos qilishadi. To‘g‘ri, bola qattiq kasal bo‘lgan paytda uning immuniteti kamayib, vitamin ko‘rsatkichlari ham pasayadi. Lekin kasallikni 1,2,3,4 kunlari bolaga vitamin ichirish mutlaqo mumkin emas.  Bola kasallik, aytaylik shamollash bilan kurashib, o‘zini tiklab olganidan keyin berilsa, bu koni foyda. Aksincha, kasallik vaqtida berilgan vitamin bolaning organizmiga yaxshi singmaydi va ichak orqali tashqariga chiqib ketadi. 

Bolani vitamin qabul qiladigan davri bor. Bir yarim yoshdan oshgandan so‘ng bir yilda 1 marotaba yoki har 6 oyda  1 marta beriladi. Keragidan ortiq vitamin ichirish natijasida “Gipervitaminoz” kasalligi kelib chiqishi mumkin. Bu xavfli kasallik bo‘lib ko‘zlarda xiralashish, parda tortilish, oshqozon yarasi, teri tanosil kasalliklarni keltirib chiqaradi. Dori-darmon bilan shug‘ullanayotgan farmatsevtika xodimlariga iltimosim bor. Ular  o‘zlaricha ayollarga vitamin berishni tavsiya etishmasin. O‘z navbatida ayollarimiz ham ko‘cha-kuyda yaltiroq qutichalardagi ko‘zni quvnatadigan vitaminlarni farzandiga berishdan oldin shifokor bilan maslahatlashsin. 

Chunki vitamin berilganda uning ta’siri 1 yoki 2 oyda emas, 3-4 oydan so‘ng bilinib, kasallik alomatlari paydo bo‘ladi. Bu vaqtda onani bolasiga vitamin ichirgani ham yodidan chiqib ketadi. Yosh onalarimizga vitamin sotib olish uchun dorixonaga sarflaydigan pullariga tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari olishlarini tavsiya etaman. Bola bir yoshga yetganida unga bulyon beriladi. Ana o‘shanga qaynash davomida kashnich, ko‘k piyoz, ukroplardan to‘g‘rab berishsa, o‘nta vitaminni o‘rnini bosadi. Yoki uy sharoitida olma, o‘rik, olxo‘ri, sabzilardan tabiiy soklar tayyorlab ichirishni maslahat beraman. Ko‘katlarda A, B, D, S, Ye vitaminlar ko‘p. D vitamini kamayib ketgan bolalarga baliqlardan kotlet, sho‘rvalar tayyorlab ichirish tavsiya etiladi.

Dori vositasidan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida bir qancha muammolar kelib chiqayotgan ekan bugun dorixona sotuvchilari  bunga o‘zlarini ma’sul deb bilisharmikan?

Doniyor MIRZAEV, sotuvchi:

 Dorixonada ishlayotgan sotuvchilar shu sohaning bilimdoni bo‘lish bilan birga muomala madaniyatiga ham ega bo‘lishlari zarur. Ba’zi xaridorlar shifokor retseptisiz ham dori berishimizni talab qilishadi. Biz ularga bu mumkin emasligini tushuntiramiz. Bizdan eng birinchi o‘rinda hushyorlik talab etiladi.

Demak, bugun bizning maqsadimiz aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom avlod kelajagi haqida qayg‘urish ekan, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan  muammolarni bartaraf etish uchun harakat qilishimiz zarur.  Har tomonlama qulay, bemorlarning cho‘ntagiga ham, kayfiyatiga ham mos keladigan dorixonalar ko‘payaversin. Ammo gap sonda emas, sifatda.

 

Nigora RAHMONOVA,

O‘zA


Mart 14, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 505 marta