Gurlan tumanning 2021-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2022-yildagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida

2021-yil 11 oyi davomida tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 416,6 mlrd so‘m (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 116,0 % ga o‘sgan)ga,  bajarilgan qurilish-pudrat ishlari 198,4 mlrd so‘m (122,7 %)ga, chakana savdo hajmi 789,8 mlrd so‘m (116,2 %)ga, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi esa 401,6 mlrd so‘m (117,7%)ga bajarilishi ta’minlandi.

Iqtisodiy rivojlanish va samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha tumanda joriy yilning o‘tgan yanvar-noyabr oylarida aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 mln 771 ming so‘m, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 2 mln 672 ming so‘m, chakana savdo aylanmasi 5  mln 255 ming so‘mga to‘g‘ri keldi.

2021-yil yanvar-noyabr oylarida aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari tashkil etish dasturi bo‘yicha 1208  ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilib, amalda 1347 taga yetkazilib, dastur ko‘rsatkichi 111,5  foizga bajarildi.

Bundan tashqari, 323 nafar fuqarolar kasbga o‘qitildi,890 nafar fuqarolar jamoat ishlariga jalb qilindi, 220 nafar ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar ijtimoiy himoyaga olinib, ularga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 34,1 mlrd.so‘mlik, shundan 1566 nafar fuqarolarga 28,7mlrd.so‘m, 48 ta yuridik shaxslarga 5,4 mlrd.so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.

Tumanda 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan hududiy investitsiya dasturi bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 281,3 mlrd so‘mlik 126 ta loyihalar ishga tushirilib, 1432 ta ish o‘rinlari yaratildi.

Bundan tashqari, qo‘shimcha loyihalar shakllantirilib, 2021-yil davomida umumiy qiymati 549,6 mlrd so‘mlik 147 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1 920 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Jumladan, sanoat yo‘nalishida jami qiymati 128,9 mlrd so‘mlik 48 ta loyiha amalga oshirilib, 970 ta ish o‘rinlari;

xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida jami qiymati 125,3 mlrd so‘mlik 70 ta loyiha amalga oshirilib, 483 ta ish o‘rinlari;

qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida jami qiymati 295,4 mlrd so‘mlik 29 ta loyiha amalga oshirilib, 467 ta ish o‘rinlari yaratildi.

“Gurlan global teks” MChJ tomonidan qiymati 11,6 mlrd.so‘mga Tayyor tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, tikuvchilik sexiga Turkiya davlatidan zamonaviy uskunalar olib kelib o‘rnatildi hamda ijtimoiy daftarlarda turuvchi 500 nafar ishsiz ayollarimizning bandligi ta’minlandi.

Ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida nogironligi mavjud, og‘ir kasallarni davolash hamda jarrohlik amaliyotlari uchun tuman hokimligi zahira jamg‘armasi, “Sahovat va ko‘mak jamg‘armasi”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamg‘armalaridan jami 48 nafar fuqarolarga 303,0 mln.so‘m moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

Bugungi kunda tumanimizdagi maktabgacha ta’lim tashkiloti soni 182 ta bo‘lib, shundan 37 tasi davlat, 143 tasi oilaviy va 2 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyat yuritmoqda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 2019-2020-yillarga nisbatan 148 taga yoki 81,3 foizga oshirilishiga erishildi.

Natijada qamrov ko‘rsatkichi 2020-yilga nisbatan 1 563 taga, ya’ni 14,1 foizga oshirildi.

Xalq ta’limi sohasi bo‘yicha, bugungi kunda tumandagi 44 ta umumta’lim maktablarida 28,1 ming nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda.

2021-yilda tumanda umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 2013 nafar o‘quvchi bitkazib, shulardan 521 nafari (25%) Oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan.

Tumanda aholining, ayniqsa yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi sport majmualari va maydonchalarini barpo etish, sport turlarini rivojlantirish maqsadida "Har bir mahallada futbol maydoni" dasturi doirasida 22 ta mahallada sun’iy qoplamali sport maydonchalari tashkil qilindi, 6 ta “Street Work out”, 3 ta “Badminton”, 4 ta “Street ball” maydonchalari qurildi.

Tumanmiz aholisining 57 foizini (85,6 ming nafar) yoshlar tashkil qiladi.

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Joriy yilda tumanda yoshlarning 954 nafari ishga joylashtirildi.

3106 nafar yoshlarning har biriga 0,25 gektardan jami 776,5 gektar yer maydoni ajratib berildi.

486 nafar yoshlarga 11,8 mlrd.so‘m kredit ajratildi;

204 nafari kasb-hunarga o‘qitildi.

Bundan tashqari, tumanda 197 nafar yoshlarga 846 mln.so‘m to‘lov-kontrakt pullari to‘lab berildi. Shundan 146 nafarining 442 mln.so‘m mablag‘lari tumandagi yoshlar jamg‘armasi mablag‘laridan ajratildi.

236 nafar yoshlarga bir martalik moddiy yordam uchun 29,2 mln.so‘m va 8 nafar yoshlarga davolanishi uchun 59,1 mln.so‘m ajratildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda fermer va mirishkor dehqonlarimizning sa’y-harakatlari natijasida tumanda joriy yilda 40,9 ming tonna paxta yetishtirilib, har bir gektar yerdan olingan hosildorlik 35,3 sentenerni tashkil etdi. Bu oxirgi yillarda tumanimiz dehqonlarining paxtachilikda erishgan eng yuqori ko‘rsatkichidir.

Investitsiya dasturlari doirasida 6,4 mlrd so‘m hisobiga 7-sonli umumta’lim maktabida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi;

11,5 mlrd so‘mga tuman tibbiyot birlashmasining 30 o‘rinli yuqumli kasalliklar bo‘limi va tez tibbiy yordam bo‘limi binolari rekonstruksiya qilindi.

Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda amalga oshirilgan yirik dasturlardan biri, shubhasiz, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlaridir. O‘zingiz guvohsiz, dunyo tajribasida o‘ziga xos yangilik sifatida ko‘rilayotgan ushbu dasturlar tufayli qanchadan-qancha mahalla va qishloqlar obod bo‘lib, xalqimizning turmush sharoitlari yaxshilanib bormoqda.

Joriy yilda tumanda mahallalarning arxitektura qiyofasini yangilash va hududlarini obodonlashtirish bo‘yicha jami 81,4 mlrd so‘mlik, shundan “Obod qishloq” dasturi doirasida “Shang‘i” va “O‘yilma” mahallalarida 26,7 mlrd so‘mlik ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, “Shang‘i” mahallasida 11,9 km uzunlikdagi ichki yo‘llar ta’mirlandi, ichimlik suvi ta’minoti tizimini yaxshilash bo‘yicha 14,7 km ichimlik suvi tarmog‘i yotqizilib, mahalla to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Aloqa tarmog‘ini yaxshilash maqsadida 1 km optik tolali aloqa tarmog‘i tortildi.

Ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash dasturi doirasida 1 ta maktab va 1 ta sog‘liqni saqlash ob’ektida mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi.

Yangidan MFY binosi, 2 ta savdo va 4 ta maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ekti qurildi.

“Obod qishloq” dasturi doirasida “O‘yilma” mahallasida ham katta hajmdagi qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Bugungi kunga qadar mahalladagi ichki xo‘jalik yo‘llarining 11,5 km qismi ta’mirlandi, 20 km uzunlikdagi  ichimlik suvi quvuri yotqizildi.

Gurlan tumanini 2022-2026-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha kelgusi 5 yilda jami 36,4 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Jumladan, tabirkorlikni rivojlantirish orqali 7,9 ming nafar;

qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish hamda paxta va g‘alladan qisqartirilgan yer maydonlarini ijaraga berish hisobiga 6,8 ming nafar;

sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yangi sanoat korxonalarini tashkil etish hisobiga 800 nafar;

xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali 2,1 ming nafar va boshqa yo‘nalishlarda 18,8 ming nafar ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlaymiz.

Investitsiyalar jalb qilish va tumanning eksport salohiyatini oshirish maqsadida 235,0 mln dollarlik 287 ta  investitsiya loyihalari amalga oshiriladi hamda tuman eksport salohiyati 2 barobarga oshirilib, 20,9 mln dollarga yetkaziladi.

Aholiga munosib yashash sharoitini yaratish, infratuzilmani yaxshilash maqsadida 2022-2026-yillarda 70 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi rejalashtirib olindi, xususan, kelgusi yilda “Chinobod” mahallasida “Yangi O‘zbekiston” massivi tashkil qilinib, 4 ta ko‘p qavatli uylar barpo qilinadi.

“Obod qishloq” dasturiga asosan 2022-2026 yillarda 10 ta mahallaga o‘rtacha 151,2 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda tuman aholisining 65 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lib, 2026-yil yakuni bilan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 100 foizga yetkazilib, tuman markazi oqova suv tarmog‘i (kanalizatsiya) bilan ta’minlanadi.

Kelgusi 5 yilda elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 490,1 km elektr tarmog‘i, 88 ta TP (transformator) qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, 450,0  kilometrdan ortiq ichki yo‘llar va 16 ta ko‘priklarni ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi, bunga 255,0 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi. 

Qishloq xo‘jaligi sohasida 1060 gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, bu ekinlardan bo‘shagan maydonlar aholiga uzoq muddatli ijaraga beriladi;

  • gektarda intensiv bog‘  va tokzorlar barpo etiladi;

aholi xonadonlarida jami 10 gektarda issiqxonalar quriladi;

7,5 ming gektar maydonning suv ta’minoti, 28,1 km melioratsiya tarmoqlari ta’mirlanadi.

Aholi sog‘lig‘ini asrash va mustahkamlash bo‘yicha  1 ta yangi oilaviy shifokorlik punktini tashkil etish va 4 ta oilaviy poliklinikalarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Kelgusi yilda tumanlararo jarohatlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazi tashkil qilinadi, bugungi kunda markaz binosida qurilish ishlari olib borilmoqda, markazda MSKT (multispiral kompyuter tomografiyasi) xonasi, gemodializ zallari, angiograf, kardioreanimatsiya, laboratoriya bo‘limlari tashkil etiladi.

Markaz tashkil qilingandan keyin tumanimiz hamda Shovot, Yangibozor tumanlarining jami 409,1 ming nafar aholisiga sifatli, arzon va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

Ushbu markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida MSKT apparati yordamida aniq tashxis qo‘yish, angiograf yordamida bemorlarda yurak-qon tomirlarini stendlash, gemodializ apparatlari yordamida bemorlarda gemodializ davolash ishlari amalga oshiriladi. Bu jarayonlarning barchasi hozirgi paytda viloyat markazida amalga oshirilib kelinmoqda, ushbu markazning Gurlan tumanida tashkil qilinishi bilan bemorlar va aholiga juda katta qulayliklar yaratiladi.

2022-2026-yillarda 6 ta birlamchi bo‘g‘in tibbiyot muassasalarida hamshiralik qabul punktlari tashkil etiladi.

Xususiy tibbiyot muassasalari soni 40 taga yetkaziladi.

Tumanda ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida maktabgacha ta’lim qamrov darajasi 79,6 foizdan  100,0 foizga yetkaziladi;

1 ta yangi maktab qurilib  12 tasi rekonstruksiya qilinadi va 12 tasi kapital ta’mirlanadi, oliy ta’lim qamrovi 50 foizga yetkaziladi.

Tumanda bugungi kunda 6,2 ming nafar mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolar bo‘lib, ish izlab xorijga ketganlar 10,9 ming nafar hamda har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar o‘rtacha 2,2 ming nafarni tashkil qiladi.

Aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish borasida asosiy 3 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlarni olib boramiz.

1-yo‘nalish tadbirkorlikni rivojlantirish hamda mahallalarda yetishmaydigan xizmat turlarini tashkil qilish bo‘yicha jami 3266 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanadi.

Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 58,0 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratilib 1720 nafar;

2 ta mahallada (Olchin va Marbugat) “etakchi tadbirkorlar”ga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, kooperatsiya usulida xonadonlarda parrandachilik, tikuvchilik, asalarichilik tashkil qilinishi hisobiga 180 nafar

yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil qilish hamda faoliyatsiz korxonalarning faoliyatini tiklash hisobiga 980 nafar;

mahallalarda yetishmaydigan xizmat turlarini tashkil qilish hamda yo‘l bo‘yida xizmat turlarini rivojlantirish orqali 386 nafar fuqarolar bandligi ta’minlanadi.

2-yo‘nalish qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, aholiga yer maydonlari ajratish va parranda, chorva mollari yetkazib berish orqali jami 8267 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanadi.

Jumladan, 5552 nafar fuqarolarga 15 sotixdan
tuman bo‘yicha jami 883,0 gektar yer maydoni ajratiladi;

250 gektar foydalanishdan chiqqan yer maydonlarining foydalanishga kiritilishi hisobiga 160 nafar fuqarolar bandligi ta’minlanadi;

Aholi xonadonlariga 100 boshdan parranda, 20 boshdan quyon, 5 tadan asalari oilalari hamda 5 boshdan qo‘y va echkilar yetkazib berish hisobiga 2455 nafar fuqarolar band qilinadi.

Parrandachilik bo‘yicha “Gurlan dehqon bozori savdo xarid fermasi” MChJ tomonidan Rossiya Federatsiyasidan yuqori samarali “Iza braun” nomli parrandalarning 100 mingta tuxumlari olib kelinib, tumandagi 4 ta inkubatorlarda jo‘ja chiqariladi hamda 7 ta parrandachilik xo‘jaliklarida 3 oy parvarish qilinib, 1000 ta ishsiz va kam daromadli aholi xonadonlariga yetkazib beriladi. Keyinchalik parrandalar zotini saqlab qolish va tumanda ko‘paytirish maqsadida  xonadonlarga 50-100 talik inkubatorlar yetkazib beriladi.

Bundan tashqari 140 ta xonadonda quyonchilik, 415 ta xonadonda asalarichilik, 900 ta xonadonda qo‘y va echkichilik tashkil qilinadi.

Meva-sabzavot klasterlari faoliyatini tashkil qilish va rivojlantirish hisobiga (“Bozor tomat pastasi” MChJ, “Muxandis” fermer xo‘jaligi) 100 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanadi.

3-yo‘nalish tuman sanoatini rivojlantirish va hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 1254 ta ish o‘rinlari yaratiladi.

Sanoat sohasida qiymati 325,2 mlrd so‘mlik 15 ta loyiha amalga oshirilib 640 ta;

xizmat ko‘rsatish sohasida qiymati 26,2 mlrd so‘mlik 15 ta loyiha amalga oshirilib 124 ta;

qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha qiymati 30,2 mlrd so‘mlik
17 ta loyiha amalga oshirilib, 185 ta ish o‘rinlari yaratiladi.

Aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, “mahallabay” ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Muhtaram Prezidentimizning 2021-yil 3-dekabrda PF-29-sonli Farmoni va PQ-31-sonli qarori qabul qilindi.

Farmon va qaror bilan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha “hokim yordamchilari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Tumanda 50 ta mahallalarga 50 nafar xodimlar ochiq tanlov asosida tanlab olindi.

Jumladan, iqtisodiy kompleksga qarashli idora va tashkilotlardan 33 nafar, qishloq xo‘jaligi tizimi tashkilotlaridan 1 nafar, ijtimoiy kotibiyat tizimi tashkilotlaridan 3 nafar, mahalla va oila tizimi tashkilotlaridan  6 nafar hamda oliy ma’lumotli tadbirkorlardan 7 nafar nomzodlar tanlab olindi.

“Hokim yordamchilari” faoliyati natijalariga ko‘ra Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining takliflariga asosan hokim yordamchilarini tanlovsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori lavozimlarga o‘tkazishga ruxsat beriladi;

“Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi;

hokim yordamchisi lavozimiga tayinlangan hamda ular faoliyatini samarali tashkil etishga jalb qilingan shaxslarni ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.

Hokim yordamchilarining asosiy vazifalari mahalladagi ishsiz aholini ish bilan ta’minlash, ularga doimiy daromad manbaini yaratishga ko‘maklashadi;

o‘ziga biriktirilgan mahallani rivojlantirish bo‘yicha 2022-yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi va ijrosini ta’minlaydi;

ajratilayotgan resurslardan samarali foydalanish yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshiradi.

Tumanning asosiy “drayver” sohasi tekstil va trikotaj ishlab chiqarish.

Paxtachilik-to‘qimachilik yo‘nalishida “Gurlan global teks” MChJ tomonidan 2022-yilda qiymati 24 mln.dollar bo‘lgan 4 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Natijada 1198 ta ish o‘rni yaratiladi, 10,4 mln dollar bo‘lgan mahsulot eksport qilinadi va 20,2 mlrd so‘m byudjetga tushum tushishiga erishiladi. 

Bundan tashqari, tumanda sholichilik yo‘nalishi bo‘yicha 2 ta hamda meva-sabzavotchilik bo‘yicha 2 ta klasterlar faoliyat yuritib kelmoqda.

Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha tumanda jami 21836 ta xonadon 3555 gektar tomorqa yer maydonlaridan foydalanib kelmoqdalar. 2022-yil hosili uchun mazkur tomorqa yer maydonlarining 305 gektariga (228 gektar piyoz va 77 gektar sarimsoqpiyoz) to‘qsonbosti ekinlari hamda 1588 gektariga boshoqli don ekini ekilgan.

Tuman hokimligi, tijorat banklari, tegishli idora va tashkilotlar hamkorligida 2022-yilda sanoat, xizmat va qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli dasturi ishlab chiqildi. 

O‘tgan yilgi dastur doirasida shakllantirilgan yildan-yilga o‘tuvchi loyihalar bilan birga 202-yilda jami hisobda qiymati 281,1 mlrd so‘mlik 47 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, yangidan 949 ta ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Tumanda kichik tadbirkorlik sub’ektlarining sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishini tashkil qilish va faoliyatini kengaytirishda kichik sanoat zonalarining o‘rni juda muhim hisoblanadi.

Gurlan tumanidagi bo‘sh turgan hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 7,3 gektar yer maydonida yangidan kichik sanoat zonasi tashkil qilindi.

Mazkur yangi kichik sanoat zonasida import o‘rnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan jami qiymati 36,3 mlrd so‘mlik 4 ta loyiha shakllantirildi.

Shundan:

- “Avar woods” MChJ tomonidan qiymati 11,4 mlrd so‘mlik LDSP va DSP ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilib, 50 ta ish o‘rinlari yaratildi;

- “Gurlan CNC TECH” MChJ tomonidan qiymati 850 mln so‘mlik yog‘och va temirga ishlov berish uskunalari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, 2 ta ish o‘rni yaratildi;

-“Odilbek Laylo” oilaviy korxonasi tomonidan 4,0 mlrd so‘m investitsiyalar kiritilishi hisobiga samorez va zamonaviy mebel ishlab chiqarish tashkil etiladi va 10 ta ish o‘rinlari yaratiladi;

- “GURLAN GLOBAL TEKS” MChJ tomonidan qiymati 30 mlrd so‘mlik chigitni qayta ishlab chiqarish (yog‘-moy ishlab chiqarish)  loyihasi amalga oshiriladi.

Loyihalar amalga oshirilishi natijasida yiliga qo‘shimcha ravishda 2,0 mln dollarlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari yaratilishi belgilangan.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2022-yil yakuniga 735,8 mlrd so‘mni, aholi jon boshiga 4,8 mln so‘mni tashkil qilishi ko‘zda tutilgan.

 Aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida kelgusi yilda jami 326 xonadonli 14 ta ko‘p qavatli uy-joylar quriladi.

Jumladan, “Nukus” mahallasida 4 ta 96 xonadonli;

“Navbahor” mahallasida 1 ta 30 xonadonli;

“Chinobod” mahallasida 9 ta 200 xonadonli uy-joylar quriladi.

Shundan, “Chinobod” mahallasida “Yangi O‘zbekiston” massivi tashkil qilinib, 4 ta ko‘p qavatli uylar, 1 maktab va 1 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti quriladi.

2022-yilda “Besh uy” va “Bo‘zqal’a” mahallalari “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan bo‘lib, jami 23,0 mlrd so‘m pul mablag‘lari sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Dastur doirasida 1 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 2 ta maktab binolari kapital ta’mirlanishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mahallalarda 1,0 km piyoda yo‘laklari, 54 dona tungi yoritish tizimi, 2 ta chiqindi yig‘ish punkti, 3,5 km optik tolali aloqa, 6 ta savdo majmualari barpo qilinadi.

Tumanda amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari haqida so‘z ketsa, davlat Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilgan loyihalar xususida to‘xtalib o‘tish kerak.

Aholi ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilning o‘zida 76,9 km ichimlik suvi tarmog‘i hamda 2 ta suv inshootlari qurilishi amalga oshirilmoqda. Ob’ektlar ishga tushirilishi natijasida 2022 yil yakuni bilan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 65,0 foizdan 85,0 foizga yetadi.

2021-yil dasturi bo‘yicha Mustaqillik ko‘chasidagi Markaziy o‘yingohni 4,8 mlrd.so‘m hisobiga ta’mirlash va zamonaviy ko‘rinishga olib kelish ishlari olib borilmoqda. Markaziy o‘yingoh kelgusi yili aprel oyida foydalanishga topshiriladi;

2022-yilda maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘yicha “Do‘stlik bog‘i” mahallasida 24-sonli MTT binosi 4,0 mlrd.so‘m hisobiga rekonstruksiya qilinadi.

“Besh uy” mahallasi “Otkorma” posyolkasiga eng yaqin bo‘lgan maktabgacha bo‘lgan masofa 4 km.ni tashkil qilishi inobatga olinib, kelgusi yilda 13,0 mlrd.so‘m hisobiga 330 o‘ringa mo‘ljallangan yangi maktab binosi quriladi.

9,5 mlrd.so‘m hisobiga 2-sonli maktab binosi rekonstruksiya qilinadi.

Vazir qishlog‘i hududida 6,0 mlrd.so‘m hisobiga 18x42 metr o‘lchamli sport zalini qurish rejalashtirilgan.

Muhtaram Prezidentimizning 2020-yil 12-13-dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida qiymati 24,0 mlrd so‘mlik yangidan zamonaviy loyihalar asosida sport majmuasi qurilishi ishlari olib borilmoqda.

Markaziy o‘yingohning rekonstruksiya qilinishi, “Zamonaviy sport majmuasi” qurilishi Gurlan shaharchasining arxitektura qiyofasi yaxshilanadi hamda tuman aholisi, ayniqsa, yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishiga keng imkoniyatlar yaratiladi.


Dekabr 22, 2021
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 818 marta