Gurlan tumanida "Tashabbusli budjet" jarayonida g‘olib bo‘lgan takliflar bo‘yicha joylarda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda

Joriy yilda o‘tkazilgan "Tashabbusli budjet" jarayonining 1-mavsumida fuqaro Azamat Urazov tomonidan "Tuman xalq taʼlimi bo‘limiga qarashli 17-son umumiy o‘rta taʼlim maktabining faollar zali va qo‘shimcha binosini taʼmirlash" bo‘yicha qoldirilgan taklifi tumandagi fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, "Tashabbusli budjet" jarayonining ovoz berish bosqichida jami 2731 ta ovoz berilishi natijasida g‘olib bo‘lgan edi.

Bugungi kunda ushbu taklif bo‘yicha tumandagi Marbugat mahallasida joylashgan tuman xalq taʼlimi bo‘limiga qarashli 17-son umumiy o‘rta taʼlim maktabida taʼmirlash ishlari boshlangan. Ushbu taklifni amalga oshirish uchun fuqaroning o‘z taklifida ko‘rsatilgan mablag‘ni inobatga olgan holda xalq deputatlari tuman Kengashining 2022-yil 5-apreldagi VI-53-53-12-171-K/22-son Qaroriga asosan tuman "Tashabbusli budjet" jamg‘armasidan 510.0 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Yuqoridagi ishlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov natijasida "Tosh masjid" MCHJ hamda "Elementar asr qurilish" MCHJ g‘olib bo‘lgan. "Tosh masjid" MCHJ tomonidan maktabning faollar zalini taʼmirlash uchun 175.4 mln so‘m, "Elementar asr qurilish" MCHJ maktabning qo‘shimcha binosini taʼmirlashi uchun 299.9 mln so‘m mablag‘lar yo‘naltirilgan.

Hurmatli tumanimiz fuqarolari, siz ham o‘zingiz yashayotgan hududingizda yuqoridagi kabi xalq manfaatiga xizmat qiladigan ishlar amalga oshirilishini istasangiz openbudget.uz sayti orqali o‘tkaziladigan "Tashabbusli budjet" jarayonlarida faol ishtirok qiling.

 

Gurlan tumani hokimligi Axborot xizmati


Iyun 29, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 421 marta