Da’vo muddati

Da’vo muddati - deb shaxs o‘zining buzilgan huquqini da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan himoya qilishi mumkin bo‘ladigan muddatga aytiladi. Umumiy da’vo muddati – huquqiy munosabatlarda qatnashuvchi shaxslarning barchasi uchun uch yil qilib belgilangan. Da’vo muddatlari imperativ, ya’ni qat’iy belgilanganligi sababli bu muddatlar va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan o‘zgartirilishi mumkin emas. Huquqi buzilgan shaxslarning da’volari yuzasidan ularning huquqini himoya qilish qonun bilan belgilangan da’vo muddatlari huquqiy munosabatning ishtirokchilariga va mazmuniga qarab umumiy va maxsus muddatlarga bo‘linadi. Maxsus da’vo muddatlari faqat qonunlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan hollardagina qo‘llaniladi. Da’vo muddatini to‘g‘ri hisoblash uchun uning qay vaqtda tugashini belgilash zarur. Da’vo muddatining tugashi da’vo qilish huquqi vujudga kelgan kundan boshlanadi. Bunday huquq, ya’ni da’vo muddati shaxs o‘zining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan o‘ta boshlaydi. Da’volarning turlariga qarab da’vo muddati o‘tishining boshlanish payti bir xil bo‘lmaydi, jumladan, bajarish muddati ko‘rsatilgan majburiyatlar bo‘yicha da’vo muddatining o‘tishi uchun shu ko‘rsatilgan bajarish muddatining oxirgi kunidan keyingi kundan boshlanadi. Bajarish muddati ko‘rsatilmagan majburiyatlar bo‘yicha da’vo muddatining o‘tishi majburiyatlarning vujudga kelgan paytidan boshlanadi. Birovga zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha da’vo muddatining o‘tishi jabrlangan shaxsning o‘ziga zarar yetkazilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan e’tiboran boshlanadi.

Ba’zi da’volar bo‘yicha da’vo muddati o‘tishining boshlanishi to‘g‘risida maxsus qoidalar belgilangan. Qonunlarga asosan da’vo muddatining o‘tishi uzluksiz davom etadi. Ammo ba’zi hollarda da’vo muddati davom etib turganda, da’vo qilish uchun ob’ektiv – halaqit beradigan bironta holat sodir bo‘lishi mumkin. Bunday da’vo muddatining o‘tishini to‘xtatadigan holatlar qonunda belgilangan bo‘lib, da’vo qilish uchun muayyan sharoitlarda oldini olib bo‘lmaydigan favqulodda hodisa (engib bo‘lmas kuch) to‘sqinlik qilsa, majburiyatlarni bajarishni kechiktirish (moratoriy) to‘g‘risida Hukumat qarori bo‘lsa, agar da’vogar yoki javobgar harbiy holatga o‘tkazilgan Qurolli Kuchlar, chegara qo‘shinlari va ichki qo‘shinlar tarkibida bo‘lsa, agar muomalaga layoqatsiz shaxsning qonuniy vakillari bo‘lmasa, tegishli munosabatlarni tartibga soluvchi qonun yoki boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi to‘xtatilgan bo‘lsa, da’vo muddati o‘tishining to‘xtaydi.

Da’vo muddatining o‘tishi yuqorida ko‘rsatilgan holatlar da’vo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oydan kam bo‘lsa, da’vo muddatida vujudga kelgan yoki davom etib turgan bo‘lsa, muddatning o‘tishi to‘xtatiladi. Muddatning to‘xtatib turilishiga asos bo‘lgan holat barham topgan kundan boshlab da’vo muddatining o‘tishi davom etadi, bunda muddatning qolgan qismi olti oygacha, da’vo muddati olti oydan kam bo‘lsa, da’vo muddatiga qadar uzaytiriladi. Da’vo muddatining o‘tishi yuqorida ko‘rsatilgan umumiy asoslardan tashqari yana maxsus asoslar bo‘lgan taqdirda ham to‘xtatib turilishi mumkin. Bunday maxsus asoslar qonunlarda nazarda tutiladi. Da’vo muddatining o‘tishi belgilangan tartibda da’vo qo‘zg‘atilishi bilan, majbur shaxs qarzni tan olganligini ko‘rsatuvchi harakatlarni qilishi bilan uziladi.

Ba’zi hollarda fuqarolar va tashkilotlar o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan qonunda belgilangan muddat davomida da’volarni qo‘zg‘ata olmasliklari mumkin. Masalan, fuqaro kasalligi, keksa yoxud voyaga yetmaganligi, uzoq muddat davomida xizmat safarida bo‘lganligi sababli yoki javobgarning qaerda bo‘lishi noma’lum bo‘lgan va boshqa ba’zi hollarda o‘tkazilgan da’vo muddatlari sud tomonidan uzrli deb topilishi mumkin. Da’vo qo‘zg‘atilgunga qadar da’vo muddatining o‘tishi da’voni rad qilish uchun asos bo‘ladi. Binobarin, da’vogar (haqdor) o‘z huquqini majburiy ravishda amalga oshirish imkoniyatini yo‘qotadi.

Bundan tashqari qonunchilikda Da’vo muddati joriy qilinmaydigan talablar ham ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, jumladan shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablarga, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno; omonatchilarning o‘z omonatlarini berish to‘g‘risida bankka qo‘yadigan talablariga; fuqaroning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talablarga. Da’vo muddati o‘tganidan keyin qo‘zg‘atilgan talablar da’vo qo‘zg‘atilishidan oldingi ko‘pi bilan uch yil bo‘yicha qondiriladi; jinoyat tufayli yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talablarga; mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining o‘z huquqini har qanday buzishlarni, garchi bu buzishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa bartaraf etish haqidagi talablariga; mamlakat mustaqilligi e’lon qilinishidan oldin uning chegaralaridan tashqariga olib chiqib ketilgan tarixiy, madaniy va ilmiy-badiiy qiymatga ega bo‘lgan mol-mulkni hamda boshqa qimmatbaho ob’ektlarni qaytarib berish haqidagi talablarga; qonunda belgilangan hollarda boshqa talablarga da’vo muddati joriy qilinmaydi.

 

 

Xorazm viloyat sudining sudyasi                                  Sh.Djamolov


Iyun 09, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 573 marta