2023-yil 11-yanvardan boshlab oliy hamda professional taʼlim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashgʻulotlari boshlanadi

Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoni bilan OTM, texnikum, kollej, kasb hunar maktablari va akademik litseylarda oʻquv jarayonini mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda tashkil etish tavsiya etildi.

Ushbu jarayonlarni belgilangan tartibda amalga oshirish maqsadida har bir taʼlim muassasasida kecha-yu kunduz faoliyat olib boradigan, malakali mutaxassislardan iborat “Shtab” tashkil etiladi. Anomal sovuq boʻlishi kutilayotgan 10–18-yanvar kunlarida barcha taʼlim muassasalarida har qanday majlislar (jumladan ZOOM shaklida), tadbirlar, masʼullarni asosiy faoliyatidan chalgʻituvchi boshqa yigʻilishlar oʻtkazish taʼqiqlanadi.

Shuningdek, taʼlim muassasalari binolarining issiqlik tizimlarini barqaror ishlashi taʼminlanadi.

Taʼlim muassasalari rahbarlari va tegishli mahalliy hokimliklar talaba-oʻquvchilarni xabardor qilish, ularni OTM joylashgan hududga yetib kelishini taʼminlash hamda mazkur jarayonlarni shaxsan nazoratga oladilar. Oʻquv jarayonlarini tashkil etishda xudud imkoniyatlari, talabalarning noqulay ob-havo sharoitlarida oliygohlarga yetib kelishlari toʻla inobatga olinishi va bunga zarur shart-sharoitlar yaratilishi lozimligi boʻyicha koʻrsatma berildi.

Oʻquv jarayonini tashkil etishda zaruriyat tugʻilganda oʻquv grafigiga oʻzgartirish kiritish ruxsat beriladi. 20-yanvarga qadar talabalarning imtihonlarga tayyorgarlik koʻrishlari tavsiya etiladi.

Alohida taʼkidlaymizki, 20-yanvarga qadar yakuniy nazorat ishlari tashkil etilmaydi.

Ob-havo sharoitlari tufayli oʻqishga kelolmagan talabalarga oʻquv jarayonlarini boshlash hamda nazorat imtihonlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha tegishli masofaviy dasturlar taklif qilinadi.

 

Manba: www.edu.uz


Yanvar 10, 2023
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 553 marta