"Mahallabay" ishlash tizimi hamda aholi bandligini ta'minlash bo'yicha Gurlan tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Davlatov Ulug‘bek Jumaniyozovichning murojaati

Hokim yordamchilari tizimining joriy qilinishi mamlakatimizda kambag‘allikka qarshi kurashishga qaratilgan siyosatda keskin burilish yasadi. Davlatning markaziy darajada qabul qilgan islohotlari hokim yordamchilari yordamida, avvalo, viloyatlar, tumanlar, qolaversa, mahallalar darajasiga olib kirildi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, hokim yordamchilari bu Prezidentning mahallalardagi vakili bo‘lib, ular har kuni aholi bilan ishlab, odamlarga davlat tomonidan yaratilayotgan moliyaviy imkoniyatlarni yetkazishi, qolaversa, tadbirkorlik va dehqonchilikka o‘rgatish orqali kambag‘allikdan chiqishiga xizmat qiluvchi insondir. Aholining eng quyi qatlamlari bilan ishlab, ularning muammolari yechimi bilan shug‘ullanish va o‘sha yerda davlat siyosatini yuritadigan siyosat olib borish ko‘zda tutilgan.

Dastlab hokim yordamchilari ishni tumandagi mavjud 27 ming 230 ta xonadonlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazishdan boshladi va xatlov natijasi bo‘yicha xonadonlar 4 ta toifaga ajratib olindi hamda elektron platformaga kiritildi.

Jumladan:

Birinchi toifa – daromadi kam, biroq daromad topishga harakat qilayotgan xonadonlar 6,7 foiz;

Ikkinchi toifa – doimiy daromadga ega, qo‘shimcha daromad topish istagidagi xonadonlar 64,3 foiz;

Uchinchi toifa – ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan xonadonlar 3,1 foiz;

To‘rtinchi toifa – iqtisodiy ahvoli yaxshi va o‘ziga to‘q xonadonlar 26 foizni tashkil qiladi.

Bugungi kunda tumandagi 50 ta mahallada faoliyat ko‘rsatayotgan hokim yordamchilarining ish samaradorligi doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda. Shunga ko‘ra, hokim yordamchilari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari 6 ta ko‘rsatkichlar va 5 ta tashabbuskorlik xislatlarini baholashni o‘z ichiga olgan so‘rovnoma orqali onlayn tarzda baholanib, birinchi chorak yakuni bo‘yicha tuman ko‘rsatkichi 87,7 ballni tashkil qildi. Xususan, 50 ta mahalladagi 14 nafar hokim yordamchisi faoliyati “a’lo”, 14 nafar hokim yordamchisi faoliyati  “yaxshi”, 16 nafar hokim yordamchisi faoliyati “qoniqarli” va 6 nafar hokim yordamchisi faoliyati “qoniqarsiz” deb baholandi.

Tumanda “qoniqarsiz” deb topilgan mahallalarda hokim yordamchilari ish faoliyatini va ish faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash uchun “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Jumladan, Madadkor, Ishonch, Esabiy, Bog‘ishamol, Navbahor va Yormish mahallalari hokim yordamchilari tomonidan 2-chorakda amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, jami 211 nafar fuqarolarning bandligini ta’minlash (45 nafar fuqaroni doimiy ishlarga, 6 nafar fuqaroni vakant ish joylariga joylashtirish, 12 nafar fuqaroni YaTT va yuridik maqomga ega sub’ektlar tashkil qilish orqali, 9 nafar fuqaroni jamoat ishlariga jalb qilish orqali, 105 nafar fuqaroni o‘zini o‘zi band qilish orqali, 17 nafar fuqaroni kasbga yo‘naltirish orqali bandligini ta’minlash) reja qilib olingan.

Hozirga kunga qadar “qoniqarsiz” deb topilgan mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan 119 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi.

Tumanda joriy yilning o‘igan davri mobaynida yangidan 161 ta kichik va o‘rta biznes sub’ektlari, 462 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil qilingan bo‘lsa, aholini tadbirkorlik faoliyatiga yanada keng jalb qilish va qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida olib borilayotgan tashviqot va tushuntirishlar natijasida turli sohalarda norasmiy band bo‘lgan 2,8 mingdan ortiq fuqarolar o‘zini-o‘zi band qildi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida Gurlan tumanida (yillik limit 58 mlrd so‘m) hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 472 ta loyihaga 11,6 mlrd so‘mlik kreditlar ajratilishi ta’minlandi.

Tumanda 99 nafar fuqarolarga jamg‘arma mablag‘lari va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 273,0 mln so‘mlik subsidiyalar ajratildi.

Shuningdek, hokim yordamchilarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 11 nafar hokim yordamchilariga yanvar-aprel oylari uchun avvalgi ish joyidagi va amaldagi oylik ish haqi o‘rtasidagi farqni qoplab berish bo‘yicha 240,9 mln so‘m pul mablag‘lari to‘lab berildi.

Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan ushbu yangi tizimni har bir xonadonga olib kirishda hokim yordamchilarining roli muhim ekanligiinobatga olgan holda tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlashda hamjihatlikda ishni tashkil qilish, xalqimiz roziligini ta’minlash bo‘yicha barcha choralarni amalga oshiramiz.


May 17, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 630 marta