“Hokim va yoshlar yetakchilari” uchrashuvi o‘tkazildi

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Jo‘rabek Raximov viloyatimizning 531 ta mahallalarida faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari bilan uchrashdi. Tadbirda yoshlar yetakchilarining o‘tgan 2022 yildagi ish natijalari tahlil qilindi, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan faol yetakchilar mehnati munosib e’tirof etilib, galdagi vazifalar belgilandi.

Viloyat rahbarining IT-texnologiyalar sohasidagi eng yaxshi loyihani moliyalashtirish uchun “Hokim granti”,  iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Viloyat hokimi stipendiyasi” ni joriy etish, faoliyat samaradorligini baholash reytingida eng yuqori ball to‘plagan 100 nafar yoshlar yetakchisi uchun Respublikamiz bo‘ylab bepul sayohat va moddiy rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi takliflarini tadbir ishtirokchilari zo‘r mamnuniyat bilan qabul qildilar. Bundan tashqari  mahallasi hududi katta bo‘lgan 10 nafar yoshlar yetakchisiga faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida elektroskuterlar ajratiladigan bo‘ldi.

 

Shuningdek, yana bir yangilik  - Xorazm tajribasi sifatida barcha yoshlar yetakchilari namunaviy ish formasi va xizmat sumkasi bilan ta’minlanadi.

Qizg‘in muloqotlar, fikr va tajriba almashuvlar bir piyola choy ustida davom etdi. Tadbir yakunida yoshlar yetakchilari viloyat musiqali drama teatriga tashrif buyurib, buyuk sarkarda, xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining so‘nmas jasorati haqida hikoya qiluvchi sahna asarini tomosha qildilar.

 

Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati


Yanvar 07, 2023
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 396 marta