«Do‘stlik – 2022»: O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma taktik o‘quvlari muvaffaqiyatli yakunlandi

O‘zbekiston va Hindiston davlatlarining harbiy hamkorlik doirasidagi “Do‘stlik – 2022” qo‘shma taktik o‘quv mashg‘ulotlari Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning Xorazm viloyatida joylashgan “Yangiariq” umumqo‘shin poligonida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek-hind hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quvining asosiy kuniga qadar birgalikdagi o‘quvning g‘oyasi, cho‘l sharoitida razvedka qidiruv harakatlarini olib borishning o‘ziga xos xususiyatlari, shartli dushmanni qurshab olish va yakson qilishda bo‘linmalar bajaradigan vazifalarga oydinlik kiritildi.

O‘quv rejasiga ko‘ra, uning asosiy qismi chegara naryadining muhim ma’lumotlarni yetkazishi bilan boshlanib ketdi. Unda shartli terroristik guruhlar tomonidan davlat chegarasi buzib o‘tilishi hamda g‘arazli niyatlarini amalga oshirilishi bo‘yicha harakatlar bajarildi.

O‘quv mashg‘ulotini Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Hindiston Qurolli Kuchlari piyoda qo‘shinlari brigada generali Dipak Sharma, Hindistonning O‘zbekiston Respublikasidagi harbiy attashesi polkovnik Nipun Anand hamda davlat va jamoat vakillari kuzatib bordi.

Yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, operativ shtab hamda yig‘ma otryad tashkil etilib, o‘zbek-hind hamkorlikdagi kuchlari belgilangan hududda jangovar vazifani bajarishga kirishdi.

O‘quv mashg‘uloti davomida razvedka-qidiruv ishlari olib borilishi natijasida aholi yashash punktida noqonuniy qurollangan shaxslar harakati aniqlandi. Zarba-ishg‘ol bo‘linmalari va ularning soni, tarkibi va qo‘riqlov tizimini aniqlash maqsadida hududda tun-u kun kuzatuv olib borildi.

Shundan so‘ng hamkorlikdagi antiterror operatsiyasini o‘tkazishga kirishildi. Shartli dushmanning tirik kuchlari jangovar guruhlarning ishg‘ol harakatlari natijasida yo‘q qilindi.

Uchinchi bosqichda O‘zbekiston Mudofaa vazirligining jangovar vertolyotlari juftligi shartli dushman harakat qilayotgan texnika va tirik kuchlarga havodan zarba berdi.

Shu bilan “Do‘stlik – 2022” o‘zbek-hind qo‘shma taktik o‘quv mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli yakunlandi. O‘quvning yopilish marosimida faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar munosib taqdirlandi.

 

Manba: Uza.uz


Aprel 01, 2022
Muharrir: Jabberganov Orifjon
Ko‘rishlar soni: 464 marta